Senat Raisi IT Park Surxondaryo filialidagi IT akademiya, BPO markazi va startap loyihalari bilan tanishdi
2026-07-03 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida Senat Raisi dastlab majmuadagi IT akademiya faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturlash asoslari va xorijiy tillarni o‘rganishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari hamda metodologik imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.
So‘ngra, BPO (Biznes jarayonlarini autsorsing qilish) markazlari va IT Startup Studio faoliyati tanishtirildi. Senat Raisiga viloyatda yoshlar bandligini ta’minlash, masofaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda hududning IT-eksport salohiyatini oshirish borasidagi strategik yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.
Tashrifning eng muhim qismlaridan biri sifatida, IT Startup Studio rezidentlari — surxondaryolik iqtidorli yosh dasturchilar va startapchilar tomonidan tayyorlangan innovatsion startap loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Bunda raqamli yechimlari, ijtimoiy va iqtisodiy sohaga yo‘naltirilgan elektron platformalari xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva yoshlarning intilishlari va taqdim etilgan startap loyihalarini yuqori baholadi. Ayniqsa, xotin-qizlarni raqamli tadbirkorlikka yo‘naltirish, startap loyihalarida ularning ulushini oshirish va masofaviy mehnat bozorida frilanser sifatida faoliyat yuritishlari uchun ko‘maklashish tizimini yanada kuchaytirish yuzasidan o‘zining qimmatli taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi.



