O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi tajribasi Jenevada taqdim qilindi
2026-07-07 21:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 5–6-iyul kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilgan Sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha Global muloqot (Global Dialogue on AI Governance) tadbirida ishtirok etdi.
BMT tizimi doirasida ilk bor tashkil etilgan mazkur muloqot xalqaro tashkilotlar, 170 dan ortiq davlat delegatsiyalari, yetakchi olimlar, texnologik kompaniyalar, investorlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbirning asosiy maqsadi sun’iy intellekt sohasida samarali global boshqaruv mexanizmlarini shakllantirish, texnologiyalardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish mazkur muloqot sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha global darajadagi ilk doimiy muloqot platformasi ekanini ta’kidlab, umumiy tamoyillarni shakllantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda uning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi (ITU) Bosh kotibi Dorin Bogdan-Martin hamda YuNESKO Bosh direktori Xalid Al-Anani sun’iy intellektni boshqarishda inklyuziv yondashuv, xalqaro huquqiy va axloqiy me’yorlarni takomillashtirish, davlatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda inson huquqlarini ta’minlash muhimligini qayd etdilar.
Oliy martabali ishtirokchilarning plenar sessiyasida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, mamlakatimizda 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi qabul qilingani, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, moliya, sanoat va elektron hukumat sohalarida 100 ga yaqin ustuvor loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, “5 million sun’iy intellekt liderlari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq fuqaro sertifikat olgani, davlat organlarining 3 mingdan ziyod xodimi malakasini oshirayotgani hamda 90 ta davlat idorasida sun’iy intellekt yo‘nalishi uchun mas’ul mutaxassislar tayinlangani qayd etildi.
Nutq davomida O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro reytinglardagi natijalari ham alohida tilga olindi. Jumladan, Oxford Insights tashkilotining Government AI Readiness Index reytingida mamlakatimiz 195 davlat orasida 62-o‘rinni egallab, o‘z pozitsiyasini 25 pog‘onaga yaxshilagani ta’kidlandi.
Vazir sun’iy intellektni rivojlantirishda ma’lumotlar xavfsizligi, shaffoflik, etika, kiberxavfsizlik va inson nazorati tamoyillariga qat’iy amal qilish muhimligini qayd etib, O‘zbekiston ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.


