Toshkentda yangi avlod AI-startaplarini rivojlantirishga qaratilgan “AI inkubator” dasturi rasman ishga tushirildi
2026-07-08 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastur dolzarb muammolar uchun sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish maqsadida yetakchi muhandislar, dasturchilar hamda biznes ekspertlarini birlashtirdi. Tadbirda davlat idoralari, akademik doiralar va IT sohasi vakillari ishtirok etdi.
Marosimning asosiy voqeasi dasturning mentorlik bosqichidan inkubatorning amaliy bosqichiga ramziy o‘tish bo‘ldi. Endi ishtirokchilar hammuassislar (co-founder) bilan birgalikda MVP (minimal hayotiy mahsulot)larni ishlab chiqadi, foydalanuvchilar ishtirokida gipotezalarni sinovdan o‘tkazadi hamda o‘z AI mahsulotlarini bozorga chiqarishga tayyorgarlik ko‘radi.
Dasturga qiziqish yuqori bo‘lib, ishtirok etish uchun qariyb 600 ta ariza kelib tushdi. Shundan taxminan 500 tasini muhandis va dasturchilar, 100 dan ortig‘ini esa biznes sohasi mutaxassislari topshirdi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich (2026 yil may–iyun) sohaning yetakchi ekspertlari ishtirokida zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalarini chuqur o‘rganishga qaratilgan intensiv ta’lim dasturidan iborat bo‘lib, u ishtirokchilarning individual loyihalarini ishlab chiqishi bilan yakunlandi.
Endi ushbu bosqichning eng yaxshi ishtirokchilari ikkinchi bosqich — 10 haftalik inkubator dasturiga (2026-yil iyul-sentabr) yo‘llanma oldi. Bu bosqichda muhandislar, startap asoschilari va biznes mutaxassislari har hafta loyihalar bo‘yicha tahlil va baholash (review), shaxsiy mentorlik hamda yakuniy Demo Day doirasida o‘z ishlanmalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Bu har ikki tomon uchun manfaatli dasturdir, — dedi AI inkubatori hammuassisi Munira Begmuratova. — Dasturchilar biznes ekspertlaridan bilim olib, texnik ko‘nikmalarini tayyor mahsulotga aylantirishni, shu bilan birga AI ishlanmalarini yaratishning eng ilg‘or amaliyotlarini o‘zlashtiradilar. Biznes ekspertlari esa o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun mustahkam texnik asosga ega bo‘ladilar”.
AI inkubator AQSh Davlat departamenti bitiruvchilari uchun Innovatsiyalar jamg‘armasi ko‘magida, AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan amalga oshirilmoqda. Dastur TechWomen tashabbusi bitiruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, texnologik tadbirkorlik sohasidagi ilg‘or Amerika tajribasini O‘zbekiston startap ekotizimiga joriy etishga qaratilgan.
Dasturning rasmiy hamkorlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, School 21, IT Park University, C-Space startap markazi hamda CS Angels investorlar klubi ishtirok etdi.







