Buxoro viloyatida raqamli texnologiyalar sohasini kengaytirish bo‘yicha AQSHda qo‘shimcha kelishuvlarga erishildi
2026-07-28 16:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining AQSHga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida viloyatda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, xizmatlar eksportini kengaytirish hamda yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Xususan, Plug and Play kompaniyasining sun’iy intellekt (AI) yo‘nalishi direktori Amit Patel bilan "Bukhara 100" loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik doirasida Buxoro viloyatida sun’iy intellekt yo‘nalishidagi startaplarni rivojlantirish, AI texnologiyalariga ixtisoslashgan yoshlarni tayyorlash hamda ularning bilim va amaliy ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshiriladi.
Kelishuvga muvofiq, loyiha doirasida UGL Holding tomonidan 300 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritiladi. Ushbu mablag‘lar viloyatda AI ekotizimini rivojlantirish, istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash, mentorlik va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, AQSHning logistika kompaniyalaridan biri – USCAN Logistics bilan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Hamkorlik doirasida Buxoro shahrida AQSH va Kanada bozorlariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy BPO (Business Process Outsourcing) markazi tashkil etiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida 50 ta yuqori maoshli ish o‘rni yaratiladi. Markaz orqali Buxoro yoshlari xalqaro logistika kompaniyalari uchun dispatch, customer support, load planning va boshqa biznes jarayonlarini masofadan turib amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, logistika va BPO yo‘nalishlarida xalqaro standartlar asosidagi o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilib, malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Shuningdek, AQSHning SH Brothers Trucking kompaniyasi bilan ham kelishuv imzolandi. Hamkorlikka muvofiq, 150 ta yuk avtomobiliga ega kompaniyaning logistika jarayonlari uchun Buxorodan 30 nafar dispatcher xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun viloyatda xalqaro standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash va ularni kompaniya faoliyatiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.





