Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga uchiriladi
2026-08-03 16:40:00 / Vazirlik yangiliklari

5-avgust kuni STAR.VISION kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan Samarkand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari uchiriladi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida milliy kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy yo‘ldosh dasturlarini kengaytirish hamda xalqaro kosmik hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Samarkand-2028 missiyasi ana shu siyosatning amaliy natijalaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etuvchi muhim bosqich hisoblanadi.
Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi "O‘zbekkosmos" agentligi va STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasida imzolangan strategik memorandum doirasidagi hamkorlikning amaliy natijasidir. Memorandumga muvofiq, Xitoy tomonidan fazoga uchiriladigan mazkur giperspektral sun’iy yo‘ldoshga "Samarkand-2028" nomi berildi. Bu nom Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) 2028-yilgi kongressni Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qaror sharafiga tanlangan.
Loyiha doirasida "O‘zbekkosmos" agentligi mutaxassislari tomonidan sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
Ayni paytda raketa start kemasi bortiga joylashtirilgan bo‘lib, uchirish hududi tomon yo‘l olgan. Barcha tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida davom etmoqda.
