O'zbekiston ilk bor nufuzli IOI 2026 xalqaro olimpiadasiga mezbonlik qiladi
2026-08-06 15:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun Milliy matbuot markazida joriy yilning 9–16-avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026)ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi direktori Azamat Eshankulov, Fan olimpiadalari markazi direktori To‘raboy Shermatov, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari, olimpiada ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston tarixida ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qilayotgani, musobaqaning mamlakatimiz ta’lim tizimi va raqamli rivojlanishi uchun strategik ahamiyati, xalqaro ishtirokchilar ko‘lami hamda olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, IOI 2026da 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar o‘quvchi ishtirok etadi. Delegatsiyalar, xalqaro qo‘mita vakillari, murabbiylar va mehmonlar bilan birgalikda ishtirokchilarning umumiy soni 900 nafardan oshadi. Bu esa Xalqaro informatika olimpiadasi tarixida ishtirokchi mamlakatlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasini saralash va tayyorlash jarayonlari yuzasidan ham ma’lumot berildi. Xususan, terma jamoani tayyorlash ishlari 2025-yil noyabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Qozog‘iston, Polsha va Ruminiyadan jalb etilgan xalqaro ekspertlar ishtirokida 10 ga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. O‘quvchilarning texnik tayyorgarligi bilan bir qatorda ularning psixologik tayyorgarligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hududlardan saralangan 100 nafar o‘quvchi orasidan 2 ta milliy terma jamoaga 4 nafardan jami 8 nafar o‘quvchi tanlab olindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda raqamli ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro AT maydonida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. IOI 2026 ana shu islohotlarning amaliy natijasi sifatida yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatning texnologik salohiyatini dunyoga namoyish etishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Taqdimotlardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Eslatib o‘tamiz, 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) joriy yilning 9–16-avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi hamda O‘zbekiston mazkur nufuzli musobaqaga o‘z tarixida ilk bor mezbonlik qiladi.









