O‘zbekiston 2027-yildan MEKning to‘laqonli a’zosiga aylanadi
2026-08-13 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvdan avval MEK delegatsiyasi uchun IT Park faoliyati va O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, UZINFOCOM va UzSoc faoliyati bilan tanishib, mamlakatda raqamli infratuzilma, axborot xavfsizligi va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning MEK bilan hamkorligini kengaytirish, xalqaro standartlarni joriy etish, milliy mutaxassislarni tayyorlash va o‘zbekistonlik ekspertlarni xalqaro standartlarni ishlab chiqish jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston 2027-yil 1-yanvardan MEKning to‘laqonli a’zosiga aylanishi qayd etildi. Bu mamlakatga xalqaro standartlarni qo‘llash bilan bir qatorda, ularni ishlab chiqish va takomillashtirishda MEK texnik qo‘mitalari orqali bevosita ishtirok etish imkonini beradi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda MEKning to‘laqonli a’zosi maqomiga ega yagona davlat bo‘ladi.
Shu bilan birga, F. Metsger O‘zbekiston MEK bilan hamkorlikni 2015-yilda Hamkorlik dasturi ishtirokchisi sifatida boshlaganini, 2023-yilda assotsiatsiyalangan a’zo maqomini olganini va qisqa vaqt ichida to‘laqonli a’zolikka o‘tishga erishganini ta’kidladi.
Uchrashuvda MEK tomonidan 11 mingdan ortiq xalqaro standart ishlab chiqilgani, O‘zbekistonda esa ularning qariyb 2 mingtasi qabul qilingani qayd etildi. Ayniqsa, AT, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, elektrotexnika, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi qo‘shimcha qilindi.
Tomonlar milliy ekspertlarni tayyorlash, ularning MEK texnik qo‘mitalarida ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro muvofiqlikni baholash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida xalqaro standartlarni joriy etish orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va ularning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.






