Xatirchida aholi va tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi
2026-08-19 09:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Langar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 58-sonli maktabda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda tuman Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari ishtirokida fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan mobil aloqa va simli internet xizmatlari sifati, internet tariflari, AT xizmatlari hamda boshqa bir qator masalalar yuzasidan 20 dan ortiq murojaat va taklif bildirildi. Murojaatlar ijobiy hal etilib, fuqarolarga tegishli huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, qo‘shimcha o‘rganish hamda vaqt talab etadigan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun mas’ul xodimlarga biriktirildi. Murojaat mualliflariga ular qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko'rib chiqilishi va natijalari haqida axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislari sayyor qabul ishtirokchilariga telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli ta’lim, raqamli davlat xizmatlaridan foydalanish, sun’iy intellekt hamda AT industriyasini rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.



