Ozarbayjonlik OAV vakillari uchun IT Park Uzbekistan majmuasiga xalqaro media-tur tashkil etildi
2026-08-19 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida xorijiy jurnalistlarga O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va AT sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yaratilayotgan infratuzilma hamda istiqboldagi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Dastlab mehmonlar IT Park Uzbekistan majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Ularga majmua hududida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma, AT kompaniyalari uchun yaratilgan sharoitlar hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot taqdim etildi.
Shundan so‘ng O‘zbekistonning AT sohasi, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va mamlakatda raqamlashtirish sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi. Unda AT xizmatlari eksportini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yoshlarni AT kasblariga jalb qilish hamda hududlarda raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
Media-tur doirasida IT Park Uzbekistan vakillari tomonidan maxsus taqdimot ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning AT eksporti ko‘rsatkichlari, mahalliy AT kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi, xorijiy kompaniyalarni mamlakatga jalb etish bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar hamda sohada oldiga qo‘yilgan istiqboldagi maqsad va vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan UZINFOCOM vakillari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Mehmonlarga raqamli hukumat tizimi, raqamli davlat xizmatlari, aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning raqamli transformatsiya borasidagi tajribasi, raqamlashtirish sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va mamlakatning mintaqaviy AT markaz sifatidagi salohiyati yuzasidan fikr almashildi.









