Unicon Soft’da zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-08-29 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan raqamli texnologiyalar, ilmiy-tadqiqot va yuqori texnologik ishlab chiqarishni o‘zaro uyg‘unlashtirish, yoshlarni zamonaviy kasb va texnologiyalarga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda yangi texnologik yechimlar va innovatsion mahsulotlarni yaratishga xizmat qiladigan zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirish uchun muhim zamin yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ta’lim, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zaro integratsiya qiluvchi yagona ekotizim — zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriq va tashabbuslar ijrosi doirasida “Unicon Soft” MChJ zamonaviy ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik (R&D) markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Yangi markazning tashkil etilishi ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan bog‘lash, yangi muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va ularni real mahsulotga aylantirish uchun zarur bo‘lgan yaxlit texnologik muhitni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Bugun, 28-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Unicon Soft” MChJda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati va laboratoriyalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Markazda elektron qurilmalarni ishlab chiqish, muhandislik yechimlarini sinovdan o‘tkazish va prototiplashtirish uchun zarur texnologik infratuzilma shakllantirildi. Xususan, sakkiz qatlamgacha bo‘lgan bosma platalarni (PCB) loyihalashtirish va prototiplashtirish imkoniyati yaratildi. Ushbu texnologik baza murakkab elektron qurilmalar bo‘yicha yangi ishlanmalarni g‘oyadan tayyor prototipgacha bo‘lgan bosqichlarda amalga oshirish imkonini beradi.
Tashrif davomida amalga oshirilayotgan ishlar, laboratoriyalarning texnologik imkoniyatlari hamda istiqboldagi loyihalar muhokama qilinib, markaz faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdir. Shu maqsadda Toshkent shahridagi Inha universiteti va Turin politexnika universiteti talabalarining laboratoriyalarda amaliy tajriba orttirishi, ilmiy-tadqiqot va muhandislik loyihalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan.
Bu orqali yosh mutaxassislar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologik uskunalar bilan ishlash, yangi ilmiy ishlanmalar va muhandislik yechimlarini yaratish hamda ularni prototip darajasiga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, markaz faoliyatiga mahalliy va xorijiy yetakchi olimlar, muhandislar hamda sohaviy ekspertlarni jalb etish, talabalar va tadqiqotchilar uchun zamonaviy innovatsion muhitni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
“Unicon Soft”ning mazkur tashabbusi mamlakatimizda yuqori texnologik muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish, mahalliy ilmiy-texnik ishlanmalar sonini oshirish, yosh muhandis va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolda raqobatbardosh texnologik mahsulotlarni yaratish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.









