“Ikkinchi imkon” loyihasi doirasida uch tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi
2026-08-30 15:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda “UNICON-SOFT” kompaniyasi bosh direktori Umid Usmanov, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i, polkovnik Azizxon Umarxonov, Vatan universiteti rektori Muhammadismoil Mahmudov, “MAAB Innovation” akademiyasi rahbari Sherzod Ibragimov hamda “SZS Trucking” kompaniyasi rahbari Zokirxon Komilxonov ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida yo‘lga qo‘yilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi bugungi kunda jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli umummilliy harakatga aylanmoqda.
Loyiha doirasida joriy yil iyul oyidan boshlab respublikadagi 11 ta jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan 300 nafardan ortiq yosh mahkum uchun zamonaviy raqamli kasblarni o‘rgatishga qaratilgan 8–12 oylik intensiv o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir doirasida loyihani qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning ta’lim olishi hamda kelgusida bandligini ta’minlashga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.
Xususan, Vatan universiteti loyihani muvaffaqiyatli tamomlagan iqtidorli va intiluvchan yoshlarni 100 foizlik grant asosida oliy ta’limga qabul qilish hamda ularni 4 yil davomida bepul o‘qitish majburiyatini oldi. Ushbu imkoniyatdan har yili 15 nafar yosh foydalanishi mumkin.
“MAAB Innovation” akademiyasi esa Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk rasmiy hamkori sifatida kompyuter savodxonligi va ingliz tili kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar uchun “Data analitika” yo‘nalishida maxsus o‘quv dasturlarini joriy etadi. Bu orqali zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlashga hissa qo‘shiladi.
“SZS Trucking” kompaniyasi tomonidan esa har yili loyihani tamomlagan 10 nafar yosh qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb etilib, ularga amaliy ko‘nikmalar beriladi. Keyinchalik ushbu yoshlarni BPO yo‘nalishida ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Hamkor tashkilotlar vakillari loyihada ishtirok etish orqali qayta tarbiyalanib, to‘g‘ri yo‘lga qaytgan yoshlarning kelajagini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va oliy ta’lim bilan qamrab olishga ko‘maklashish muhim ekanini ta’kidladilar.
Marosim yakunida tomonlarning loyihani amalga oshirish doirasidagi majburiyatlari belgilangan uch tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.
