Raqamlashtirish sohasida yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
2026-09-04 23:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan va ayni paytda vazirlik hamda uning tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda yosh kadrlarning salohiyatidan samarali foydalanish, davlat tashkilotlarida ish jarayonlarini yanada takomillashtirish, ichki jarayonlarni yengillashtirish va ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligini ta’kidlab, xususan, sun’iy intellekt asosidagi AI agentlarni joriy etish orqali ichki jarayonlarni avtomatlashtirish va optimallashtirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Bunday yechimlar xodimlarning vaqt va resurslarini tejash, takroriy vazifalarni avtomatlashtirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, Research and Development (R&D) yo‘nalishini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish va davlat hamda xususiy sektorda innovatsion ishlanmalar ulushini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Yosh mutaxassislarning yangi texnologik yechimlar ishlab chiqishdagi ishtiroki, amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy salohiyatni iqtisodiy qiymatga aylantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning xalqaro nufuzli reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilash, mamlakatning raqamli salohiyatini oshirish hamda global texnologik maydonda raqobatbardoshligini mustahkamlash bo‘yicha fikrlar almashildi.
Shu bilan birga, real sektorda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni sanoat va iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, AT eksport hajmini oshirish, xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va eksportbop AT loyihalar bilan ishlayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv davomida mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislarning loyihalari va amalga oshirayotgan ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Muloqotda an’anaviy daromad manbalari bilan bir qatorda, zamonaviy va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega daromad manbalarini ko‘paytirish, raqamli xizmatlar, AT mahsulotlar va intellektual mehnat asosida yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Shuningdek, soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy va me’yoriy masalalarni aniqlash hamda ularni takomillashtirish, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumotlar bilan ishlash, tahliliy ma’lumotlardan qaror qabul qilish jarayonlarida samarali foydalanish bo‘yicha ham yoshlarga tegishli tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida vazir har bir yosh mutaxassis bilan alohida suhbatlashib, ularning loyihalari, ish faoliyati va kelgusidagi rejalari bilan tanishdi. Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini mamlakatning raqamli transformatsiyasi hamda AT sohasini rivojlantirishga yo‘naltirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.








