“Voodoo” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda o‘yin sanoatini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-11 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro kosmik sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Voodoo” kompaniyasining Sharqiy Yevropa bo‘yicha rahbari Yuriy Kotikov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida kompaniya bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi “GameDev” ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, mamlakatimizning o‘yin sanoati va ushbu sohadagi strategiyasi, shuningdek, “GameDev” kompaniyalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, “Voodoo” vakillari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirishdi hamda mahalliy o‘yin startaplarini xalqaro bozorlarga chiqarishda ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qilishdi.
Shuningdek, tomonlar “Voodoo Academy”negizida ta’lim dasturlarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda xakatonlar o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi.
Shu bilan birga, mahalliy o‘yin studiyalari bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning salohiyatini baholash va istiqbolli loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.




