“STATION F” bilan startaplar sohasida hamkorlik kengaytiriladi
2026-09-12 16:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida “STATION F”ning xalqaro hamkorliklar bo‘yicha rahbari Joanna Gryuo Byuldon bilan uchrashuv o‘tkazilib, innovatsion xabning faoliyati, ishlash modeli, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, shuningdek, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari bilan yaqindan tanishildi.
Muloqotda innovatsion xablarni rivojlantirish, samarali startap ekotizimini shakllantirish hamda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “STATION F”ning ko‘p yillik tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarni Yevropa bozoriga olib chiqish, ularning xalqaro hamkorlar va investorlar bilan aloqalarini kengaytirish hamda mahalliy startaplarni “STATION F”ning tegishli dasturlariga jalb qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida innovatsion ekotizimni rivojlantirish sohasida mutaxassislar uchun amaliy tajriba almashinuvining ahamiyati ham qayd etildi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 17–18-sentabr kunlari “STATION F” tomonidan tashkil etiladigan ikki kunlik “Immersion Program” dasturida O‘zbekiston vakillarining ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur dastur innovatsion xablar va startap ekotizimlarini boshqaruvchi mutaxassislar uchun amaliy formatda tashkil etilib, ishtirokchilarga “STATION F”ning strategiyasi, moliyaviy modeli, operatsion boshqaruvi, hamkorlik mexanizmlari, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Dastur doirasida, shuningdek, “STATION F”ning amaliy tajribasi o‘rganilishi, innovatsion xabni samarali boshqarish va startaplar bilan ishlash bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv yakunida startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, investorlar bilan ishlash, innovatsion xablarni rivojlantirish va startap ekotizimini shakllantirish yo‘nalishlarida amaliy tajriba almashinuvini davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.



