audio

    Yaponiyaning “CAL Co., Ltd” prezidenti bilan informatsion texnologiyalar sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

    Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Yaponiyaning “CAL Co., Ltd” prezidenti Maeda Akira va “Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik Markazi” bosh menejeri Kotaro Okada bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda dastlab kompaniyaning asosiy vazifasi va u tomonidan amalga oshiriladigan ishlar xususida axborot berildi. Jumladan, kompaniya 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, xususiy sektorda faoliyat olib boradi. Shuningdek, IT yo‘nalishida butun Yaponiya bo‘ylab xizmat ko‘rsatib kelishi bilan bir qatorda, dunyoning boshqa yetakchi davlatlariga ham o‘z xizmatlarini taqdim etib keladi. Hozirga kelib, kompaniyada 2133 nafar xodim xizmat ko‘rsatishi aytib o‘tildi. 

    Shu bilan birga, uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonning mehmondo‘stligi va mamlakatning IT sohasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarini e’tirof etishdi.

    Shuningdek, Yaponiya bo‘ylab kelgusida 800 mingga yaqin IT injenerlar yetishmovchiligi taxmin qilinayotgani, shu maqsadda xorijdan yetakchi IT xodimlarni jalb qilishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Jumladan, ushbu yo‘nalishda o‘zbekistonlik IT mutaxassislar bilan birgalikda ishlash, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish va kadrlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar berildi. 

    Uchrashuvda mehmonlarga O‘zbekistonda IT xizmatlar eksporti yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda faoliyat olib borayotgan IT Park filiallari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. O‘z navbatida, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan sharoitlar, taqdim etilgan soliq imtiyozlari tushuntirib o‘tildi. 

    Uchrashuv so‘ngida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari kompaniya vakillarini har yili oktabr oyida o‘tkazib kelinayotgan ICT Week haftaligiga taklif etib, yapon kompaniyalarini bu kabi xalqaro yirik AKT haftaligida ko‘rish mamlakat IT sanoati uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.


    • view_icon 1148
    : 2023-07-24 23:08:58