Vazirlik vakillari Jenevada WTIS-26 simpoziumida ishtirok etdi
2026-09-15 18:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro elektraloqa AKT bo‘yicha jahon ko‘rsatkichlariga bag‘ishlangan 21-simpozium — WTIS-26da ishtirok etdi.

“Statistik ma’lumotlar yordamida raqamli siyosat yo‘nalishini belgilash” mavzusida o‘tkazilgan simpoziumda tez o‘zgarib borayotgan raqamli muhitda ma’lumotlardan samarali foydalanish, dalillarga asoslangan raqamli siyosatni shakllantirish hamda raqamli transformatsiyani o‘lchashning yangi yondashuvlari muhokama qilindi.
Tadbir dasturidan raqamli inklyuziya, yangi ma’lumot manbalaridan foydalanish, sun’iy intellektni rasmiy statistikada qo‘llash hamda raqamli transformatsiyaning barqarorligini baholash kabi masalalar o‘rin oldi. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishning amaliy imkoniyatlari va mobil telefon ma’lumotlaridan siyosat hamda rasmiy statistikada foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
WTIS-26 doirasida ITU Data Hackathon natijalari ham taqdim etildi. Unda raqamli tafovutlarni aniqlash, yashirin ulanish muammolari mavjud hududlarni aniqlash va universal hamda mazmunli raqamli ulanishni ta’minlashga qaratilgan ma’lumotlarga asoslangan yechimlar namoyish etildi.
WTIS-26 7–8-sentabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tdi. Simpozium Xalqaro elektraloqa ittifoqining (ITU) Elektraloqa/AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGTI) va AKT bo‘yicha uy xo‘jaliklari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGH)ning yillik yig‘ilishlari bilan ketma-ket tashkil etildi.
9–11-sentabr kunlari o‘tkazilgan EGH va EGTI yig‘ilishlarida AKT ko‘rsatkichlarini takomillashtirish, yangi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va 2027-yilga mo‘ljallangan ish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, uy xo‘jaliklarida sun’iy intellektdan foydalanishni o‘lchash, sun’iy yo‘ldosh orqali keng polosali ulanish ko‘rsatkichlari, AKTning atrof-muhitga ta’sirini baholash, sun’iy intellekt infratuzilmasi hamda raqamli ma’lumotlarni vizuallashtirish va GIS vositalari bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: WTIS Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro tadbir bo‘lib, unda raqamli rivojlanishni o‘lchash, statistik ma’lumotlardan raqamli siyosatni shakllantirishda foydalanish va AKT ko‘rsatkichlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.




