IT Park Uzbekistan va KITC raqamli transformatsiya va AKT sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-09-16 20:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov, IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov hamda IT Park Uzbekistan’ning boshqa vakillari ishtirokida Janubiy Koreyaning KITC (Korea IT Consulting) kompaniyasi rahbariyati, jumladan kompaniya bosh direktori Chxve Ji Yun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, katta ma’lumotlar va O‘zbekistonda AKT loyihalarini amalga oshirish sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
1999-yilda Seul shahrida tashkil etilgan KITC axborot-kommunikatsiya texnologiyalari konsaltingi, axborot tizimlari auditi, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va katta ma’lumotlar sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniya davlat va xususiy sektor uchun loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, raqamlashtirish sohasidagi xalqaro tashabbuslarda ishtirok etib kelmoqda.
Uchrashuv davomida KITC vakillari O‘zbekiston hamda boshqa davlatlarda raqamli transformatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning qator mamlakatlarida amaldagi loyihalarga ega ekanini ma’lum qilib, O‘zbekistonda o‘z ofisini ochish imkoniyatini ham o‘rganayotganini bildirdi.
O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan tomonidan kompaniyaga IT Park rezidenti maqomini olish, O‘zbekistondagi ofis orqali mintaqaviy loyihalarni rivojlantirish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlari taklif etildi. Shuningdek, KITC vakillariga Enterprise Uzbekistan imkoniyatlari hamda xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishida xarajatlar va xatarlarni kamaytirishga qaratilgan Zero Risk dasturi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar, shuningdek, elektron hukumat, Smart City, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va davlat axborot tizimlari sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Hamkorlikning mahalliy texnologik kompaniyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlar, texnologik yechimlar yetkazib beruvchilar, subpudratchilar va dasturiy yechimlar ishlab chiquvchilar sifatida jalb etishga asoslangan formatlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, bulutli yechimlar va ma’lumotlar platformalari sohalarida qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirish, texnik vorkshoplar o‘tkazish, IT Park rezidentlarini qo‘shma tenderlar va O‘zbekiston hamda xorijiy bozorlardagi AKT loyihalariga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan, KITC va O‘zbekistonning texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda amaliy hamkorlik formatlarini yanada ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.



