IT Park Uzbekistan va SparkLabs o‘zbek startaplarining Koreya bozoriga chiqishi uchun akseleratsiya dasturini ishga tushiradi
2026-09-18 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Koreya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov SparkLabs Inc. hammuassisi Bernard Mun bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zbek startaplari uchun Koreya Respublikasi bozoriga chiqishga qaratilgan akseleratsiya dasturiga tayyorgarlik ko‘rish masalasini muhokama qildilar. Dasturni joriy yilning IV choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Startaplarni tanlash jarayoni, akseleratsiya formati va dastur ishtirokchilarining Koreya venchur ekotizimi bilan kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida o‘zbek startaplari Koreya bozoriga chiqishda qo‘llab-quvvatlanadi, shuningdek, potensial investorlar va venchur tashkilotlari, jumladan TIPS, Mirae Asset va Koreya Respublikasi investitsiya ekotizimining boshqa ishtirokchilari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra IT Park Uzbekistan va SparkLabs Inc. o‘rtasida Koreya Respublikasida o‘zbek startaplari uchun akseleratsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjat istiqbolli texnologik loyihalarni tanlash va tayyorlash, shuningdek, ularning Koreya bozoriga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Tomonlar, shuningdek, xalqaro texnologik tadbirlar doirasida kelgusidagi hamkorlikni muhokama qildilar. Xususan, Bernard Mun "ICT Week Uzbekistan 2026" tadbirida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
SparkLabs bilan qo‘shma dasturni amalga oshirish o‘zbek startaplariga xalqaro ekspertiza, mentorlik yordami va Koreya Respublikasi venchur ekotizimi ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.
SparkLabs Inc. — 2012-yilda Seulda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning startap-akseleratori va venchur investitsiya kompaniyasi. Kompaniya seed va early-stage bosqichidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bo‘lib, investitsiyalar, akseleratsiya, mentorlik va xalqaro bozorlarga chiqishda yordam beradi.
Bugungi kunga qadar SparkLabs 320 dan ortiq startaplarni qo‘llab-quvvatlagan va sarmoya kiritgan. Kompaniya, shuningdek, xorijiy texnologik loyihalarni Koreya Respublikasiga jalb qilish va Koreya startaplarini tashqi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro inbound va outbound dasturlarini amalga oshiradi.
