Osiyo taraqqiyot banki bilan raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi
2026-09-22 13:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda OTB bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga keng joriy etish, mamlakatning mintaqaviy raqamli markaz sifatidagi salohiyatini oshirish va ushbu jarayonda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
OTB vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat rahbariyatining raqamli transformatsiyaga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda yoshlarning intellektual salohiyati raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasi nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham ahamiyatli ekani ta’kidlandi. Xususan, raqamli yechimlarni joriy etish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish va yangi texnologiyalar asosida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish borasidagi tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Koreyada aloqa ofisini tashkil etish orqali davlat xizmatchilari uchun tajriba almashinuvi, malaka oshirish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, OTB tomonidan davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish, institutsional imkoniyatlarni mustahkamlash va raqamli loyihalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan tizimli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish rejalari taqdim etildi.
Muloqot yakunida raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning mintaqaviy innovatsiyalar va ilg‘or texnologiyalar markaziga aylanishiga ko‘maklashish hamda belgilangan tashabbuslarni amalga oshirishda birgalikda ish olib borishga kelishib olindi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga keng joriy etish, shuningdek, mamlakatning ilg‘or texnologiyalar sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.



