Uztelecom Amazon Leo bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi imkoniyatlarini kengaytirmoqda
2026-09-22 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Uztelecom O‘zbekiston raqamli infratuzilmasi rivojlanishining yangi bosqichini e’lon qiladi. Uztelecom va uning sho‘ba korxonasi – “UZ-SAT” MCHJ QK – Amazon Leo bilan O‘zbekistonda vakolatli distribyutor sifatida faoliyat yuritish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Amazon Leo – bu Amazon kompaniyasining past orbitali sun’iy yo‘ldosh tizimi bo‘lib, u an’anaviy tarmoqlar imkoniyatlari cheklangan joylarda tez va ishonchli internet aloqasini ta’minlashga mo‘ljallangan.
Ushbu hamkorlik an’anaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini qurish qiyin bo‘lgan hududlarda ulanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Sun’iy yo‘ldosh yechimlari mavjud yerusti tarmoqlarini to‘ldirib, chekka aholi punktlari aholisi, shuningdek, borish qiyin bo‘lgan hududlarda faoliyat yurituvchi korxonalar uchun zamonaviy tezyurar aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Aholi uchun yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatining kengayishi davlat raqamli xizmatlaridan foydalanish, masofaviy ta’lim olish, shifokorlardan onlayn maslahat olish, masofadan turib ishlash va muloqot qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Biznes uchun esa zamonaviy sun’iy yo‘ldosh yechimlari ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarini ulashning yangi usullarini taqdim etsa, davlat uchun mamlakatning yagona raqamli makonini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
“O‘ztelekom” O‘zbekistonning telekommunikatsiya infratuzilmasini izchil rivojlantirib, optik-tolali tarmoqni kengaytirmoqda, mobil aloqani modernizatsiya qilmoqda, zamonaviy ma’lumotlar markazlari va bulutli platformalarni yaratmoqda. Bugungi kunda kompaniya aholi punktlarining 96 foizini aloqa bilan ta’minlab, 378 802 km optik-tolali aloqa liniyalarini ekspluatatsiya qilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat geografiyasi ayrim olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda muqobil ulanish texnologiyalariga ehtiyojni yuzaga keltirmoqda. “Amazon Leo” sun’iy yo‘ldosh yechimlari aynan shunday holatlarda – yerusti tarmoqlarini rivojlantirish cheklangan yoki iqtisodiy jihatdan kamroq samarali bo‘lgan joylarda ulanish imkoniyatlarini kengaytirgan holda, “O‘ztelekom”ning mavjud infratuzilmasini to‘ldirishga mo‘ljallangan.
Kelishuv doirasida UZ-SAT, Amazon Leo’ning vakolatli distribyutori sifatida, Amazon Leo tarmog‘i va imkoniyatlaridan foydalangan holda, O‘zbekiston bo‘ylab mijozlar uchun ulanish yechimlarini yaratadi va taqdim etadi.
“Amazon Leo bilan hamkorlik mamlakatimizning an’anaviy yerusti infratuzilmasidan foydalanish cheklangan hududlarida ulanish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Maqsadimiz – insonning qayerda yashashi yoki ishlashidan qat’i nazar, zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratishdir. Yangi avlod sun’iy yo‘ldosh aloqasi Uztelecom’ning mavjud infratuzilmasiga muhim qo‘shimcha bo‘lib, O‘zbekistonning yagona raqamli makonini yanada rivojlantirishda yana bir vosita bo‘lib xizmat qiladi”, – deya ta’kidladi UZ-SAT bosh direktori Bahrom Bahodirovich Azimov.
“Amazon Leo’ning past Yer orbitasidagi aloqa texnologiyasini O‘zbekistonga olib kelayotganimizdan mamnunmiz. Bu orqali eng zarur bo‘lgan hududlardagi aholi punktlari va korxonalarni ishonchli, yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlaymiz. Uztelecom va UZ-SAT bilan tuzilgan kelishuvimiz kabi hamkorliklar ushbu maqsadni amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga ega: sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarimizni mahalliy ekspertiza bilan uyg‘unlashtirish orqali butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy o‘sish, ta’lim va innovatsiyalar uchun yangi imkoniyatlar ochamiz”, – dedi Amazon Leo global biznes rahbari Trevor Vyuveg
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida e’lon qilingan kelishuv xalqaro texnologik hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonda ilg‘or aloqa yechimlarini joriy etish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Xizmat O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi – “ICT Week Uzbekistan 2026”ning birinchi kunida ishga tushirildi. Tadbir faxriy delegatsiya va Amazon vakillarining rasmiy tashrifi doirasida kompaniya stendida bo‘lib o‘tdi.
Uztelecom haqida
Uztelecom – O‘zbekistonning yetakchi texnologik kompaniyasi bo‘lib, mamlakatning telekommunikatsiya va raqamli infratuzilmasini rivojlantirib, aholi, biznes va davlat sektori uchun ilg‘or raqamli yechimlarni taqdim etadi.
Bugungi kunda Uztelecom xizmatlari va raqamli yechimlaridan 13 milliondan ortiq foydalanuvchi foydalanadi. Kompaniya an’anaviy telekommunikatsiya biznesi doirasidan chiqib, infratuzilma, raqamli servislar hamda odamlar, biznes va davlat uchun zamonaviy yechimlarni birlashtiruvchi texnologik ekotizimni rivojlantirmoqda va O‘zbekistonning raqamli kelajagini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Amazon Leo haqida
Amazon Leo – Amazon’ning past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar turkumi bo‘lib, uning vazifasi an’anaviy tarmoqlar qamrovidan tashqarida bo‘lgan foydalanuvchilar uchun tezkor va ishonchli internetdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashdan iborat. Amazon Leo yer usti shlyuz antennalarining himoyalangan global tarmog‘i va ajratilgan optik tolali infratuzilma bilan ulangan 3000 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshdan iborat dastlabki turkum asosida ishlaydi. Shuningdek, ushbu yechim ixcham va yuqori samarali antennalar qatorini — Leo Nano, Leo Pro va Leo Ultra’ni o‘z ichiga oladi.




