O‘zbekistonda dasturlash ekotizimini rivojlantirish va ICPC bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-23 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda O‘zbekistonda dasturlash musobaqalari ekotizimini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning nufuzli xalqaro dasturlash musobaqalaridagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
ICPC — dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli talabalarni birlashtiruvchi nufuzli xalqaro dasturlash musobaqasi hisoblanadi. Unda 70 mingdan ortiq talaba va 4 mingdan ziyod universitet ishtirok etadi. Jahon finalida esa 140 ta universitet jamoasi o‘zaro bellashadi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning ICPC bilan hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan, ICPC Jahon finalini mamlakatda o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirayotgani ta’kidlandi. Bunday xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mamlakatning global texnologik hamjamiyat bilan aloqalarini mustahkamlash, mahalliy yoshlar salohiyatini namoyon etish va dasturlash sohasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda dasturlash bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash va tayyorlash, universitetlar o‘rtasidagi musobaqalarni rivojlantirish, o‘qituvchi va trenerlar salohiyatini oshirish hamda yoshlarni xalqaro bellashuvlarga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ICPC Foundation bilan hamkorlikda mahalliy universitetlar va IT Park ishtirokida dasturlash musobaqalari ekotizimini rivojlantirish, yoshlar uchun yangi ta’lim va amaliy tajriba imkoniyatlarini yaratish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ICPC Jahon finali doirasida talabalarni volontyorlik faoliyatiga jalb etish, ularning xalqaro tajribasini oshirish, shuningdek, ICPC bitiruvchilari va xalqaro texnologik kompaniyalar vakillari bilan aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida dasturlash ta’limini rivojlantirish, yoshlarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini kengaytirish va ICPC Foundation bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.


