ICT WEEK: Enterprise Uzbekistan’ning yangi texnologik yurisdiksiya sifatidagi rivoji muhokama qilindi
2026-09-24 14:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab muhokamalarda xalqaro biznes uchun huquqiy aniqlikni ta’minlash, institutsional infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni himoya qilish hamda global texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Sammit dasturidan Enterprise Uzbekistan vakillarining chiqishlari, EY va BDO ishtirokidagi ekspert sessiyalari, IT Park Uzbekistan va Enterprise Uzbekistan vakillari bilan fireside chat, shuningdek, “Global texnologik iqtisodiyot sharoitida yurisdiksiyalarni qayta ko‘rib chiqish” mavzusidagi panel muhokamasi o‘rin oldi.
Sessiyalarda xalqaro texnologik kompaniyalar yurisdiksiya tanlashda e’tibor qaratadigan omillar, huquqiy muhit, institutsional mexanizmlar va infratuzilmaning ahamiyati, shuningdek, kompaniyalarning global bozorlarda faoliyat yuritishi va kengayishi uchun zarur shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Sammitda Enterprise Uzbekistan modeli va uning texnologik biznes uchun maxsus huquqiy muhit sifatidagi imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilda O‘zbekistonda Xalqaro raqamli texnologiyalar markazining 2100-yilgacha amal qiladigan maxsus huquqiy rejimini belgilovchi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Mazkur rejim korporativ va tijorat munosabatlari, investitsiya faoliyati, mehnat munosabatlari, ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish, sun’iy intellektni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Huquqiy model Angliya va Uels umumiy huquqi elementlari hamda xalqaro amaliyotdan foydalanishni nazarda tutadi. Sammit doirasida ushbu texnologik yurisdiksiya O‘zbekistonda biznes yuritish, investitsiya kiritish va loyihalarni rivojlantirishga qiziqqan global texnologik kompaniyalar, startaplar va investorlar uchun yaratishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar muhokama qilindi.
Shuningdek, yetakchi texnologik yurisdiksiyalarning xalqaro tajribasi ko‘rib chiqilib, global kompaniyalar biznes, investitsiya va texnologik loyihalarni joylashtirish uchun hudud tanlashda e’tibor qaratadigan mexanizmlar yuzasidan fikr almashildi.
Enterprise Uzbekistan dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar, SaaS-kompaniyalar, FinTech, GameDev, EdTech va sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar, shuningdek, xalqaro shtab-kvartiralar va yirik texnologik korporatsiyalar uchun mo‘ljallangan.
Enterprise Uzbekistan Summit ICT WEEK Uzbekistan 2026 ikkinchi kunining ishbilarmonlik dasturidan o‘rin oldi. ICT WEEK 22–25-sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilib, xalqaro va mahalliy texnologik kompaniyalar, investorlar, startaplar hamda soha vakillarini birlashtirmoqda.






