Tech & Service Outsourcing Conference: O‘zbekiston xalqaro xizmatlar bozori uchun yangi imkoniyatlarni namoyish etdi
2026-09-24 16:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiya AT-autsorsing, biznes jarayonlari autsorsingi (BPO), global biznes xizmatlari (GBS) va xizmat ko‘rsatish markazlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda xalqaro kompaniyalar, soha vakillari va IT Park Uzbekistan vakillari ishtirok etib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan va xorijiy mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan xalqaro kompaniyalarning amaliy tajribasiga e’tibor qaratildi.
Konferensiya dasturidan xalqaro kompaniyalarning amaliy tajribasi, O‘zbekistonda faoliyatni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, malakali mutaxassislar bozorining imkoniyatlari, shuningdek, GBS, SSC va BPO markazlarini tashkil etish imkoniyatlariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin oldi.
Tadbirda O‘zbekistonning eksportga yo‘naltirilgan texnologik ekotizimi rivoji va xizmatlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
2026-yilning birinchi yarmida IT Park rezidentlari safiga 608 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya qo‘shildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 178 foizga ko‘p. Bugungi kunda IT Park rezidentlari AT-xizmatlar va raqamli mahsulotlarni dunyoning 102 ta mamlakatiga eksport qilmoqda.
Konferensiya global kompaniyalar, mahalliy mutaxassislar va O‘zbekistonda rivojlanayotgan autsorsing ekotizimi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro xizmatlar bozorida yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun maydon bo‘ldi.






