ICT WEEK: Raqamli davlatni rivojlantirishning yangi bosqichi muhokama qilindi
2026-09-25 15:55:00 / Vazirlik yangiliklari

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida “Raqamli davlat: yagona yondashuv, zamonaviy boshqaruv va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida amaliy sessiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov ochib berdi.
Sessiyada davlat boshqaruvini yagona raqamli muhitga o‘tkazish, fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini rivojlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish, kiberxavfsizlik va ishonchli raqamli muhitni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalarda davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish, idoralararo ma’lumot almashinuvini rivojlantirish, takroriy ma’lumot talablarini qisqartirish hamda davlat xizmatlarini fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari asosida tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Sessiyada davlat xizmatlarini proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatish, ortiqcha hujjat va ma’muriy jarayonlarni qisqartirish, “xizmatning o‘zi fuqaroga keladi” tamoyilini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirokini kengaytirishga xizmat qiluvchi “Mening fikrim” va “E-Muloqot” elektron ishtirok platformalarining yangi imkoniyatlari taqdim etildi.
Sun’iy intellektdan davlat boshqaruvida foydalanish ham sessiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xususan, fuqarolarning davlat bilan o‘zaro aloqasining yagona nuqtasi sifatida ishlab chiqilayotgan “AI Government Assistant” tizimi my.gov.uz platformasi orqali taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning milliy kibermakonini himoya qilish bo‘yicha erishilgan natijalar va strategik vazifalar, transport sohasini raqamlashtirish hamda tog‘-metallurgiya sanoatida sun’iy intellektni keng miqyosda joriy etish tajribasi muhokama qilindi. Kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli identifikatsiya, ishonchli integratsiya va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, texnologik kompaniyalar, biznes va ekspertlar o‘rtasida tajriba almashish hamda raqamli transformatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muloqot maydoni bo‘ldi.
Dastlab tadbir yakunida davlat boshqaruvi va faoliyatini raqamlashtirishda eng faol tashkilotlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron ishtirokni rivojlantirish bo‘yicha eng faol tashkilot, Hisob palatasi raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot, Bosh prokuratura nazorat jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha eng yaxshi tashkilot, Oliy sud esa sud-huquq tizimini raqamlashtirish bo‘yicha tashabbuskor tashkilot sifatida taqdirlandi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi eng ko‘p proaktiv raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilot, Adliya vazirligi eng yaxshi raqamli integratsiya va strategik hamkor tashkilot, Mudofaa vazirligi mudofaa sohasini raqamlashtirishdagi islohotlari uchun, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi raqamli davlat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tashkilot, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa eng innovatsion davlat xizmati ko‘rsatuvchi tashkilot sifatida e’tirof etildi.
Transport vazirligi eng yaxshi aqlli transport ekotizimini yaratgan tashkilot, Sog‘liqni saqlash vazirligi samarali raqamli transformatsiyani amalga oshirgan tashkilot, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi eng yaxshi raqamli geoma’lumotlar yechimini joriy etgan tashkilot, Soliq qo‘mitasi sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tashkilot, Bojxona qo‘mitasi esa raqamli rivojlanishda eng yuqori natija ko‘rsatgan davlat tashkiloti sifatida taqdirlandi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ raqamli rivojlanishda eng yuqori natija ko‘rsatgan sanoat korxonasi, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi aqlli hududiy boshqaruvni joriy etgan namunaviy tashkilot, “Alskom Sug‘urta Kompaniyasi” AJ esa eng yaxshi raqamli sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot sifatida e’tirof etildi.









