IAC 2026 arafasida kosmik sohaning dolzarb masalalari muhokama qilindi
2026-10-05 12:55:00 / Vazirlik yangiliklari

5–9-oktabr kunlari Belek shahrida 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) bo‘lib o‘tadi.
Turli mamlakatlardan keladigan astronavtlar, xalqaro kompaniyalar vakillari va 10 mingdan ortiq ishtirokchini jamlaydigan IAC 2026 kosmik sohadagi ilmiy ishlanmalar, mahsulotlar va ilg‘or texnologiyalarni namoyish etish uchun muhim maydon bo‘ladi.
Kongress dasturidan tajriba almashish va kosmik sanoat kelajagini muhokama qilishga qaratilgan sessiyalar, xalqaro ko‘rgazmalar, yuqori darajadagi rasmiy uchrashuvlar, kompaniyalar taqdimotlari, akademik va texnik yig‘ilishlar, shuningdek, sohadagi eng ilg‘or yutuqlar namoyishi o‘rin olgan.
Ushbu kongress arafasida Xalqaro astronavtika federatsiyasining vazirlar va parlament a’zolarining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Tadbir doirasida kosmik sohani rivojlantirish, xalqaro hamkorlik, davlatlarning kosmik siyosati va sohada yangi imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekistonning xalqaro kosmik hamjamiyat bilan hamkorligini rivojlantirish hamda IAC Samarqand–2028ga tayyorgarlik jarayonlarini xalqaro maydonda ilgari surish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.




