Toshkentda “Women in Tech Leadership Forum 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
2026-10-15 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligida Women in Tech Uzbekistan bilan hamkorlikda “Building the Big Future” shiori ostida “Women in Tech Leadership Forum 2026” xalqaro forumi tashkil etildi. Tadbirda 10 dan ortiq mamlakatdan 200 nafardan ziyod ishtirokchi, jumladan, 35 dan ortiq xalqaro va mahalliy ma’ruzachi qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda vazir maslahatchisi Kamola Sobirova so‘zga chiqib, raqamli iqtisodiyot rivojida xotin-qizlarning o‘rni, texnologiyalar sohasida yangi imkoniyatlar yaratish va ayollarning yetakchilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Forum doirasida sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar (FinTech), tibbiyot va ayollar salomatligiga oid texnologiyalar (FemTech), robototexnika, ta’lim texnologiyalari, texnologik diplomatiya hamda yetakchilik yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar texnologiyalar sohasidagi yangi tendensiyalar, innovatsion loyihalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xotin-qizlarning raqamli iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Forumning muhim voqealaridan biri Women in Tech Global xalqaro hamjamiyati dunyo bo‘ylab 1 million nafar ayolni qamrab olgani haqidagi e’lon bo‘ldi. Ushbu muhim natijaning aynan Toshkentda e’lon qilinishi O‘zbekistonning texnologiyalar sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro tashabbuslarni ilgari surish borasidagi hamkorligi uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Tashkilot asoschisi Ayumi Moore Aoki ishtirokida hamjamiyatning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari, yangi tashabbuslar va ayollar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston FemTech ekotizimining ilk xaritasi ham taqdim etildi. Mazkur tashabbus ayollar salomatligi va farovonligiga yo‘naltirilgan texnologik yechimlar, innovatsion loyihalar hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ishtirokchilarni bir tizimda ko‘rsatishga xizmat qiladi. Shuningdek, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Girts Jaunzems ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan “Women Leadership in ICT” loyihasi haqida ma’lumot berib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ayollar yetakchiligini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.
“Women in Tech Leadership Forum 2026” O‘zbekistonda xotin-qizlarning texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, ularning yetakchilik salohiyatini namoyon etish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim platforma bo‘ldi.









