DataVolt bilan raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-16 18:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov DataVolt kompaniyasining bosh ijrochi direktori Rajit Nanda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda zamonaviy ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish, raqamli infratuzilma imkoniyatlarini kengaytirish hamda hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar IT Park Uzbekistan hududida qurilayotgan ma’lumotlar markazining joriy holati, qurilish ishlarining yakuniy bosqichi va loyihani belgilangan muddatlarda ishga tushirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, obyektni foydalanishga topshirish muddatlari, tashkiliy masalalar hamda ochilish marosimini o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida mazkur loyihaning O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Ma’lumotlar markazi nafaqat mahalliy bozorda hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talabni qondirish, balki xalqaro bozorlarga raqamli xizmatlar va hisoblash quvvatlarini eksport qilish imkoniyatlarini ham kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, ma’lumotlar markazining xalqaro texnologik kompaniyalar bilan hamkorligini rivojlantirish, ilg‘or bulutli xizmatlar va yuqori unumli hisoblash infratuzilmasini jalb etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini hamkorlikda muvofiqlashtirish, mavjud masalalarni o‘z vaqtida hal etish va ma’lumotlar markazini ishga tushirishga tayyorgarlik ishlarini davom ettirish muhimligi qayd etildi.


