Samarqandda “C5+1” formatidagi biznes dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri raqamli texnologiyalar bo‘ldi
2026-10-19 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Samarqandda “C5+1” formatidagi tadbirlar doirasida “Raqamli texnologiyalar” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
U Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH davlat idoralari vakillari hamda yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi biznes dastur doirasida tashkil etildi.
Sessiya davomida raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni rivojlantirish, texnologik infratuzilmaga investitsiyalar jalb qilish, shuningdek, mintaqa kompaniyalari va amerikalik hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muhokamada Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, AQSH Savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, shuningdek, Google va boshqa xalqaro texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Panel sessiyada vazir Sh. Shermatov asosiy maqsad O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global raqamli iqtisodiyotning muhim markazlaridan biriga aylantirish ekanini ta’kidladi.
“Mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro kompaniyalar uchun qulay biznes muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Biz O‘zbekistonning salohiyatini xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish orqali yangi investitsiyalarni jalb qilish, AT xizmatlar eksportini kengaytirish va mamlakatimizni global texnologik zanjirlarning faol ishtirokchisiga aylantirishni ko‘zlaymiz.
AQSH kompaniyalari bilan hamkorlik bu borada katta imkoniyatlar ochadi. Biz ularning ilg‘or tajribasi, texnologiyalari va bilimlarini mamlakatimizga olib kirish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlarini bir-biriga raqobatchi sifatida emas, balki umumiy maqsadlar yo‘lida hamkor sifatida ko‘ramiz. Mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorligi, tajriba almashinuvi va birgalikdagi tashabbuslari butun Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ishonamizki, inson kapitaliga investitsiya kiritish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekiston hamda butun mintaqamiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish mumkin”, – dedi vazir oʻz nutqida.
Sessiya davomida axborot texnologiyalari sohasidagi O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan salohiyati hamda xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va texnologik loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun maydon sifatida Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazining imkoniyatlari taqdim etildi.
Muhokamalar natijasida raqamli iqtisodiyot, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va texnologik kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berildi.









