Sietlda Özbekiston va AQŞ örtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
2026-11-02 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Özbekiston Respublikasining Vaşington ştatidagi Boş konsulxonasida sun’iy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlik böyiça xalqaro forum bölib ötdi. «Seattle AI Week» doirasida ötkazilgan forum haftalik dasturning yakuniy tadbiri böldi.

Tadbir Boş konsulxona, Amerika–Özbekiston biznes va investitsiya kengaşi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) tomonidan taşkil etildi. Unda texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat hokimiyati organlarining qariyb 60 nafar vakili, jumladan, Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vaşington va Şimoli-Şarq universitetlari, Sietl ma’muriyati hamda innovatsion kompaniyalar vakillari iştirok etdi.
Forumda Özbekiston–AQŞ texnologik şerikligining istiqbollari, kadrlar tayyorlaş, startaplarni rivojlantiriş, investitsiyalar jalb etiş va amaliy SI yeçimlarini joriy qiliş masalalari diqqat markazida böldi.
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatçisi, Amerika–Özbekiston biznes va investitsiya kengaşi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlaniş sohasidagi strategik ustuvorliklarini taqdim etdi. U Özbekiston va AQŞ örtasidagi işbilarmonlik hamda investitsiya aloqalari jadal rivojlanayotganini, şuningdek, ikki mamlakatdagi manfaatdor taşkilotlarning amaliy taşabbuslarini qöllab-quvvatlaşda Kengaşning imkoniyatlarini ta’kidladi.
Boş konsul Ahror Burxonov Özbekistonning AQŞ Tinç okeani şimoli-ğarbiy mintaqasi bilan hamkorligini mustahkamlaş imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Boş konsulxonaning mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan bevosita aloqalar örnatişga kömaklaşişga tayyorligi bildirildi.
IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparovning taqdimotida milliy IT ekotizimining rivojlanişi va xalqaro hamkorlar bilan özaro aloqalar imkoniyatlari yoritildi. Yetakçi SI kompaniyalari iştirokida yoşlarni öqitiş, hisoblaş infratuzilmasini rivojlantiriş va özbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib çiqiş ustuvor yönalişlar sifatida belgilandi.
WDTA ijroçi raisi Yel Li Özbekistonning Markaziy Osiyoni AQŞning ilğor innovatsion ekotizimlari bilan bağlovçi texnologik markaz sifatidagi salohiyatini qayd etdi. U bilim almaşiş, sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantiriş va ma’lumotlarni himoya qilişga alohida e’tibor qaratdi.
Permiraning katta maslahatçisi, Microsoftning dasturiy ta’minot işlab çiquvçilar yönalişining sobiq prezidenti Juliya Lyuson zamonaviy SI vositalaridan foydalaniş imkoniyati, ta’lim dasturlarini yangilaş hamda tajribaviy işlanmalardan ularni amalda qöllaşga ötişning ahamiyatini ta’kidladi.
Sietl şahrining texnologiyalar böyiça boş direktori Şennon Smit munitsipal xizmatlarni takomillaştiriş, quriliş bilan bağliq tartib-taomillarni soddalaştiriş va yöl harakati xavfsizligini oşirişda SIdan foydalaniş tajribasini taqdim etdi. Şuningdek, Sietl va Toşkent örtasida raqamli şahar boşqaruvi sohasida tajriba almaşiş istiqbollari muhokama qilindi.
Panel muhokamalarida iştirokçilar universitet inkubatorlarini rivojlantiriş, startaplar uçun ustozlik dasturlarini yölga qöyiş va biznesning real vazifalariga mos mutaxassislar tayyorlaş masalalarini körib çiqdi. Agrotexnologiyalar, suv tejovçi texnologiyalar, til xizmatlari hamda nogironligi bölgan şaxslarning xizmatlardan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiruvçi yeçimlar hamkorlikning istiqbolli yönalişlari sifatida qayd etildi.
Forum yakunida Özbekistonning Vaşington ştatidagi Boş konsulxonasi va WDTA texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik töğrisida memorandum imzoladi. Hujjat tajriba almaşiş, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari örtasidagi aloqalarni rivojlantiriş, şuningdek, Özbekiston iştirokida ta’lim taşabbuslari va sinov loyihalarini örganişni nazarda tutadi. Memorandumda SIdan mas’uliyatli foydalaniş, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilişga alohida e’tibor qaratilgan.








