audio

    Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

    Ayni kunlarda Raqamli texnologiyalar vazirligidan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

    Tashrifning dastlabki kunida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vaziri Szin Chjuanlun bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish  masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuvda tomonlar axborot kommunikatsiyalari va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashdilar hamda Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

    Memorandumning imzolanishi ikki tomon oʻrtasida hamkorlik salohiyatini yanada kengroq ochib berishga hamda sohalarda hamkorlikka koʻmaklashishga xizmat qiladi. 

    Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoy bilan aloqa va almashinuvlarni mustahkamlash, ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda tegishli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Shuningdek, Szin Chjuanlun ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi rahbarligida Xitoy-O‘zbekiston hamkorligi turli sohalarda har tomonlama mustahkamlanganini ta’kidladi.

    Memorandumga ko‘ra, tomonlar infratuzilmani o‘zaro bog‘lash, aloqa tarmog‘ini qurish, 5G, tarmoq xavfsizligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    O‘z navbatida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, bulutli hisoblash, internet, katta ma’lumotlar va ochiq ma’lumotlar, tarmoq xavfsizligi va ma’lumotlarni himoya qilish, ma’lumotlar markazlari va boshqa sohalarda yangi tendensiyalar va ilovalarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga kelishildi.

    Bundan tashqari, memorandum Elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektga oid bilim va amaliy tajriba almashishni o‘z ichiga oladi. 

     


    • view_icon 821