Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida raqamli va zamonaviy texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan, ta’limdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit zanjir yaratishni ko‘zda tutuvchi IT-klaster faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Buxoro viloyati hokimligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligidan iborat delegatsiya shu yilning 6 – 8-noyabr kunlari Hindiston davlatining Karnataka provinsiyasi Bangalor shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif doirasida hindistonlik ishbilarmon doira vakillari, yirik kompaniya rahbarlari ishtirokida qator biznes forum hamda muloqotlar o‘tkazildi va bir nechta Memorandumlar imzolandi.
Bular:
– Intel kompaniya vakillari OneApi uchun Intel akademik dasturi taqdimotini o‘tkazib Akademik ekotizimda innovatsion rivojlantirishga ko‘maklashish dasturi haqida so‘z yuritdilar.
– “Online Instruments” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Shivanand Maheshetti bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, unda Buxoro viloyatida zamonaviy proyektorlar ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Xorijiy kompaniya mutasaddilari tomonidan bu takliflar qo‘llab-quvvatlangan holda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
– Buxoro viloyatidagi umumta’lim maktablari va davlat idoralarini “Online Instruments” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan aqlli proyektorlar bilan jihozlash va bu orqali “Acharya” universiteti bilan hamkorlikda maktab o‘qituvchilari hamda davlat tashkiloti xodimlarini ingliz tili va boshlang‘ich IT, ya’ni axborot texnologiyalari sohalarida o‘qitish bo‘yicha amaliy hamkorlikda ish olib borilishi bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
– Dunyoning yirik qurilma va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilaridan biri sanalgan IBM kompaniyasi bilan Qorako‘l tumanida tashkil etilayotgan “Acharya – IT klasteri” talabalari va o‘quvchi yoshlarini to‘liq IBM sertifikati asosida o‘qitish, klaster negizida IBM kompaniyasining ofisi va laboratoriyasini tashkil qilish taklifi ham xorijiy hamkorlar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot o‘rnida:
Acharya Universiteti ta’lim faoliyatini 2023/2024-o‘quv yilidan grant va to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi shaklda olib bormoqda.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “Acharya Institutes” (Hindiston)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Ayni vaqtda IT-klaster hududida 1 300 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi, 15 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli inkubatsiya markazi va 50 o‘rinli masofaviy xizmatlar eksporti markazi, oshxona hamda ochiq va yopiq turdagi sport komplekslar qurilishi davom etmoqda.