audio

    “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevral kuni “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-51-son qarori qabul qilindi.

     

    Qarorga muvofiq, Raqamli texnologiyalar sohasida zamonaviy bilimlar olishni rag‘batlantirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi yosh kadrlarning xorijiy tillarni bilish ko‘nikmalarini oshirish, mehnat bozorida IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

    2024-yil 1-martdan boshlab:

    – nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda, bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur;
    – xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi;
    – ingliz tilida B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etiladi.

    Shu bilan birga, subsidiya bitiruvchisi IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan o‘quv yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olgan hamda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti maqomiga ega bo‘lgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga qabul qilingan nodavlat ta’lim tashkilotlariga o‘rnatiladigan mezonlarga muvofiq ajratiladi.

    Shuningdek, subsidiya olish hamda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish va ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatilishi belgilandi. 

    Nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilarini ro‘yxatga olish, Yagona portal orqali kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish va natijalarini e’lon qilish bilan bog‘liq jarayonlar Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

    Shuningdek, har bir bitiruvchi uchun ajratiladigan subsidiya Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

    Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha bo‘lgan qismini va ingliz tilida B2 darajasiga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    Qarorga muvofiq,  vazirlikning maxsus axborot tizimi hamda rasmiy veb-saytida Dastur doirasida respublika va hududlar kesimida nodavlat ta’lim tashkilotlarining onlayn tarzda yangilab boriladigan reytingi shakllantirilishini nazarda tutuvchi modul ishga tushirilishi ham belgilandi.


    • view_icon 1538
    : 2024-02-01 23:08:34