Sun’iy intellekt yangi bosqichda: Prezident Farmoni qabul qilindi
2025-10-27 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 22-oktabrdagi PF–189-son Farmoni imzolandi.
Farmon sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sun’iy intellektni keng joriy qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Farmonga muvofiq:
- 2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha kamida 100 ta loyiha amalga oshiriladi;
- 2030-yil yakuniga qadar zamonaviy sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSh dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi;
- 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’lim tizimining o‘quv dasturlari va darsliklariga sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha mavzular kiritiladi;
- 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi.
Farmonga koʻra, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda institutsional bazani takomillashtirish bo‘yicha davlat organlari xodimlari, tadbirkorlik subyektlari, xorijdagi vatandoshlar va chet ellik mutaxassislardan iborat tarkibda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Maslahatlashuv kengashi tashkil etiladi.
2025-yil yakuniga qadar sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar va startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi.
Davlat organlari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamli transformatsiya holatini baholashda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.
Reyting natijasiga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sun'iy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida “Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligining taklifiga asosan “Sun’iy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etiladi. U davlat organlari, xususiy sektor va ilmiy jamoatchilik sa’y-harakatlarini birlashtirish, xalqaro hamkorlik va PR-kampaniyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini oshirish va startap ekotizimini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Umummilliy sun’iy intellekt xakatoni” yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-martga qadar sun’iy intellektni qo‘llagan holda ob-havoni oldindan prognoz qilish tizimi joriy qilinadi.
Shu bilan birga, 2026-yil yakuniga qadar kamida 15 milliard parametrni o‘z ichiga olgan “O‘zbek tili korpusi” yaratiladi hamda uning kamida 5 ta ochiq katta til modellariga joriy etiladi.
Kadrlar tayyorlash tizimi doirasida:
- Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilarini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitish, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “Sun’iy intellekt kuni” milliy dasturi joriy etiladi hamda dastur doirasida o‘quvchilar darsliklari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;
- “Bir million dasturchi” loyihasining uzviy davomi bo‘lgan “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi kengaytiriladi va yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, o‘qituvchilar hamda ta’lim tashkilotlarini taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkaziladi;
- 2026-yil 1-martga qadar “Yangi O‘zbekiston” universiteti bazasida homiylik mablag‘lari hisobidan “Sun’iy intellekt klasteri” tashkil etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklarida raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan maslahatchi lavozimi joriy etiladi.
