Davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘quv kursi yakunlanib, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2025-12-27 19:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun 27-dekabr o‘quv dasturi yakuniga yetib, uning doirasida davlat organlarining va tuman (shahar) hokimlarining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqotda Prezident administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamentining rahbari Bobur Xodjayev hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Tadbir boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi da ilgari surilgan masalalarga, xususan, iqtisodiyotning texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tish, AT va sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va “Elektron hukumat” tizimini tubdan yangilash vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqot davomida Respublika hududlaridan ishtirok etgan maslahatchilar tomonidan sun’iy intellekt infratuzilmasini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasiga jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda hududlarda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida taklif va tashabbuslar bildirildi.
Masalalar bo‘yicha tegishli rahbarlar tomonidan batafsil tushuntirishlar berilib, yo‘nalishlarda amaliy ishlarni qilish, o‘zaro tajriba almashish va kelgusida hududiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yechimlarga alohida to'xtalindi.
Tadbir yakunida “Davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish” o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun Raqamli texnologiyalar vazirligida “Startup” loyihalari taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.
Siz ham sun’iy intellektni o‘rganing. Endi buni “5 million sun'iy intellekt yetakchilari” aileaders.uz yangi ta’lim platformasi orqali oson va qulay tarzda boshlashingiz mumkin, rivojlaning va zamonaviy texnologiyalar dunyosida o‘zingizga yangi yo‘l oching!






