Startap loyihalar soni 5 mingtaga, jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 2 milliard dollarga yetkaziladi – Prezident qarori
2026-02-13 11:35:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, startap loyihalarini g‘oyadan boshlab masshtablashtirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda institutsional, moliyaviy va infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar 2030-yilga qadar startap ekotizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
– startap loyihalar sonini 5 mingtaga hamda jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish;
– 500 ta startap loyihani qiymati 1 million AQSh dollaridan yuqori, 100 ta startap loyihani qiymati 10 million AQSh dollaridan yuqori hamda 25 ta startap loyihani qiymati 100 million AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan kompaniyalarga aylantirish;
– startap loyihalar ishga tushishi natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
– yoshlarning 2 mingta startap g‘oyalarini tijoratlashtirish, kamida 400 ta startap loyihasini xalqaro bozorlarga olib chiqish.
Startap g‘oyani shakllantirish, loyihani ishlab chiqish, ishga tushirish hamda masshtablashtirishni o‘z ichiga qamrab oluvchi to‘rt bosqichli startap ekotizimi joriy etiladi.
Qaror bilan 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta'lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida ikki marotaba startap g‘oyalarini yaratishga o‘rgatuvchi“Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
– O‘quvchilar o‘rtasida "Eng yaxshi startap g‘oyasi" tanlovi o‘tkaziladi, tuman darasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha mukofot beriladi, ularning loyihalariga Yoshlar ishlari agentligi va IT Park hamrohlik qiladi.
– loyihalar har chorakda o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
– marketpleyslar bilan hamkorlik o‘rnatib, ta’lim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
– davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha:
– kraudsorsing elektron platformasida e’lon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;
– har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“startap kuni”) o‘tkazadi;
– masalalar yechimi yuzasidan samarali deb topilgan takliflar bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun xarid jarayonlari kraudsorsing elektron platformasida o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
2026-yildan boshlab har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash bo‘yicha “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Bunda:
– tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga oliy ta’lim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 100 mln so‘m grant beriladi;
– respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi, mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 mlrd so‘m etib belgilanadi.
Shu bilan birga, eng yaxshi g‘oyalar (ideatonlar) va IT-yechimlar (xakatonlar) tanlovlari g‘oliblariga quyidagilarni taqdim etishga ruxsat etiladi:
– davlat venchur jamg‘armalari tomonidan – boshlang‘ich darajadagi startap loyihalarga inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish sharti bilan 20 ming AQSh dollari ekvivalentigacha miqdorda mablag‘larni konvertatsiyalanadigan (keyinchalik startap ustav kapitalidagi ulushga aylantirilishi mumkin bo‘lgan) qarz sifatida;
– raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarga – “Raqamli startaplar” dasturi doirasida 10 ming AQSh dollari ekvivalentigacha mablag‘larni grant sifatida.
2027-yildan boshlab quyidagilarda laboratoriya va uskuna (3D-printer), raqamli infratuzilma, ekspertlar, kovorking zonalari, yuridik xizmatlar, test poligonlari va moliyalashtirish instrumentlariga ega tadqiqot va ishlanma markazlari (R&D center) tashkil qilinadi:
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan – bosqichma-bosqich yoshlar texnoparklarida va oliy ta’lim tashkilotlarida;
– Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan – Nurafshon shahrida.
Qaror bilan sinovdan o‘tkazish uchun saralab olingan yiliga 10 tagacha istiqbolli loyihalarga namunaviy model (MVP) yaratish xarajatlarining 50 foizigacha qismi, biroq 50 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdordagi mablag‘larni qoplab berish uchun quyidagilar hisobidan “R&D” vaucher taqdim etilishi belgilanmoqda:
– Yoshlar texnoparklarida va oliy ta’lim tashkilotlarida – Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi;
– Raqamli texnologiyalar vazirligida – “Raqamli startaplar” dasturi doirasidagi mablag‘lar.
Qarorga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlarida IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi.
Shuningdek, talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka va almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming AQSh dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi.
Talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari ko‘zda tutiladi.
2026-yildan boshlab har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi hamda uning natijalari bo‘yicha quyidagilar belgilanmoqda:
– 100 tagacha biznes va startap loyihalarining har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi va “Yoshlar Ventures” venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi;
– Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda xarajatlari to‘lab beriladi;
– Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.
2026-yil 1-apreldan boshlab “Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-Park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan yoshlar startap loyihalari bo‘yicha:
– startap-studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun yiliga 20 tagacha loyihaga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz qarz (ssuda);
– mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan va umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan grantlar ajratiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab hududlarda bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida Startap klubi tashkil etiladi va ularga startap tashabbuskorlari bilan har oy uchrashish, davlat organlari bilan yuzaga kelgan masalalari bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda ushbu hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlarini startap loyihalarga biriktirish vazifalari yuklanmoqda.
2026-yildan boshlab har yili “Startap-ekspo” ko‘rgazmasi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
