Bekobodda Innovatsion yoshlar IT markazi ochildi
2026-03-11 13:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov, Bekobod tumani hokimi Z.Nizomiddinov, IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi F.Ibragimov, IT Park Uzbekistan bosh direktori A.Kuchkarov ishtirok etdilar. Shu bilan birga tadbirda xorijiy mehmonlar, jumladan, AQShning Silk Road Professionals kompaniyasi rahbari Jeyms Vanger ham qatnashdi.
Tadbir davomida yoshlar uchun startap ekotizimi, innovatsion loyihalarni rivojlantirish bosqichlari, AT sohasidagi imkoniyatlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun AT savodxonligi, robototexnika yo‘nalishlari, innovatsion g‘oyalarni shakllantirish va startap loyihalarni taqdim etish bo‘yicha interaktiv muloqotlar tashkil etildi.
Yangi tashkil etilgan “Bekobod innovatsion yoshlar IT markazi” yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, AT sohasidagi innovatsion loyihalarni rivojlantirish va startap tashabbuslarini amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Markazda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan:
– dasturlash asoslari,
– ingliz tili (AT sohasi uchun),
– kompyuter savodxonligi,
– robototexnika,
– startap va innovatsion tadbirkorlik asoslari.
Mazkur kurslar orqali yoshlar zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o‘rganishlari, o‘z startap loyihalarini ishlab chiqishlari va amaliyotga joriy etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Tadbir doirasida IT Park Toshkent viloyati tomonidan tashkil etilgan yosh startaperlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan inkubatsiya dasturi ishtirokchilari o‘z loyihalarini taqdim etdilar. Pitch sessiya davomida quyidagi startap loyihalar taqdim qilindi:
1. “Joymee” — loyiha asoschisi Javohir Kabirjanov
2. “Med Mopp” — loyiha asoschisi Mehruza Sultonova
3. “USD System” — loyiha asoschisi Bekpolat Kenjoev
4. “Agro Trade” — loyiha asoschisi Mehruza Sultonova
5. “Orzu Reja” — loyiha asoschisi Zebo Shirinbekova
Ushbu startap loyihalari egalari turli sohalarda innovatsion yechimlar taklif qilishdi.
Shuningdek, IT Park Toshkent viloyati tomonidan tashkil etilgan inkubatsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan startap asoschilari tadbir davomida taqdirlanib, ularga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xususan, mazkur dastur bitiruvchilaridan biri bo‘lgan 11 yoshli startap asoschisi Zebo Shirinbekova o‘zining “Orzu Reja” loyihasi bilan ishtirok etib, tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Kelajakda mazkur markaz negizida AT kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, AT eksportni rivojlantirish hamda mahalliy yosh mutaxassislarni xalqaro AT bozoriga tayyorlash rejalashtirilgan.









