“Yoshlar kuni”: AT sohasidagi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-03-12 19:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan. Ushbu tashabbus yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yoshlarni davlat boshqaruvi va turli sohalardagi islohotlarga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida axborot texnologiyalari va raqamli sohada faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar, startap asoschilari hamda sohada tahsil olayotgan talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT-ta’limni yanada kengaytirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yoshlarning texnologik tashabbuslarini amalga oshirishga doir qator taklif va g‘oyalar bildirildi. Vazir ushbu takliflarni diqqat bilan tinglab, ularni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda mamlakatimizda AT sohasini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish va startap ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Bunday ochiq va samimiy uchrashuvlar yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda raqamli texnologiyalar sohasida yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Raqamli texnologiyalar vaziri bilan ochiq muloqotda siz ham ishtirok etishingiz mumkin. Navbatdagi uchrashuvda ham yoshlarning AT va raqamlashtirish sohasidagi takliflari, g‘oyalari hamda mavjud muammolari muhokama qilinadi. Keyingi muloqotda ishtirok etmoqchi bo‘lsangiz, ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘ting.








