VEON kompaniyalar guruhi bosh direktori bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-04-17 21:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan raqamli xizmatlar sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatda raqamli xizmatlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini inobatga olgan holda, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, internet qamrovini kengaytirish hamda yuqori sifatli aloqa xizmatlarini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda xalqaro darajadagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, tarmoq boshqaruvi va monitoring tizimlarini takomillashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda VEON kompaniyasining O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalari, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, joriy yil 20–21-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan GSMA M360 Eurasia Mobile World Congress 2026 xalqaro tadbirini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.



