O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida raqamli texnologiyalar hamda telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-05-14 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, AT xizmatlar eksportini kengaytirish hamda texnologik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Vazir mamlakatimizda AT va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish uchun barcha zarur imkoniyat va mexanizmlar shakllantirilganini ta’kidlab, IT Park Uzbekistan faoliyati, investorlarga yaratilayotgan qulay muhit hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy texnologik kompaniyalari, xususan Huawei kompaniyasi yuzlab yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlab, O‘zbekistonda boshqa davlatlarga masofaviy xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, boshqa Xitoy AT kompaniyalari uchun ham mamlakatimizda keng imkoniyatlar mavjud ekani bildirildi.
Dastlab uchrashuvda SINOSURE kompaniyasining eksportni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni sug‘urtalash hamda telekommunikatsiya va yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyaviy himoyalash bo‘yicha imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar, shuningdek, banklar, AT kompaniyalar va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda aholiga sifatli va hamyonbop telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya va investitsion hamkorlik yo‘nalishlarida aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.



