O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida telekommunikatsiya hamda kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-05-27 15:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Traficom bosh direktor o‘rinbosari, Finlyandiya Milliy kuberxavfsizlik markazi direktori Ansi Karkmainen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Finlyandiya regulyatorlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, qo‘shma ishchi guruhlar va professional muloqot platformalarini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, Finlyandiyaning 5G va 6G texnologiyalarini rivojlantirish, radiochastotalarni samarali taqsimlash, chekka hududlarda aloqa qamrovini kengaytirish hamda innovatsion raqamli xizmatlarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy raqamli xizmatlarni xavfsiz joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar telekommunikatsiya, kiberxavfsizlik va raqamli transformatsiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.



