Vazir Finlandiyaning Elisa kompaniyasi bilan 5G va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
2026-05-31 09:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlyandiyaning telekommunikatsiya va raqamli xizmatlar sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — Elisa kompaniyasi vitse-prezidenti Andrei Nahkala bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, 5G texnologiyalarini keng joriy etish, raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy telekom yechimlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar telekom tarmoqlarini avtomatlashtirish, sun’iy intellekt yordamida tarmoq boshqaruvi samaradorligini oshirish, firibgarliklarning oldini olish hamda raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, O‘zbekistondagi IT mutaxassislari salohiyatidan foydalangan holda mintaqaviy telekommunikatsiya va raqamli texnologiyalar markazini rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar davomida sanoat IoT yechimlari, smart infratuzilma, ma’lumotlar markazlari va logistika sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Markaziy Osiyoda optik tolali va 5G infratuzilmasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar telekommunikatsiya, raqamli infratuzilma va sun’iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.





