Gonkong bosh ijrochi rahbari Jon Li Ka-chyu boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi
2026-06-06 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Xitoy Xalq Respublikasi Gonkong Maxsus Ma’muriy Hududi Bosh ijrochi rahbari Jon Li Ka-chyu boshchiligidagi biznes-delegatsiyaning O‘zbekistonga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi doirasida delegatsiya a’zolari IT Park Uzbekistan faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif avvalida mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasini qo‘llab-quvvatlash, IT xizmatlari eksportini kengaytirish, xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilish hamda startap ekotizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalar, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, IT Viza va Zero Risk dasturi hamda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi.
Shu bilan birga, delegatsiya vakillariga mamlakatimizda raqamli davlat xizmatlari va elektron hukumat tizimini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, UZINFOCOM faoliyati, DMED, MyID biometrik identifikatsiya tizimi, MyGov yagona interaktiv davlat xizmatlari platformasi hamda boshqa raqamli yechimlar imkoniyatlari taqdim etildi.
Shundan so‘ng “Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi taraqqiyot hamda hamkorlik imkoniyatlari” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda ikki tomon vakillari raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, sun’iy intellekt, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, venchur investitsiyalar, texnologik parklar o‘rtasidagi hamkorlik va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari haqida fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy raqamli ekotizimni shakllantirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi. IT Park Uzbekistan xalqaro kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratayotgani, IT xizmatlari eksportini oshirish, xorijiy mutaxassislar va investorlarni jalb qilish hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilingani, mazkur yo‘nalishda davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy loyihalar bosqichma-bosqich joriy etilayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Jon Li Ka-chyu Gonkongning innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi tajribasi haqida so‘z yuritib, O‘zbekistonda raqamli sohada qisqa vaqt ichida erishilgan natijalar yuqori baholanishini ta’kidladi. U “Digital Uzbekistan – 2030” strategiyasini yuqori baholab, raqamli Ipak yo‘lini shakllantirishda ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tomonlar startaplarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish, venchur moliyalashtirish, texnologik parklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, startaplar almashinuv dasturlarini tashkil etish hamda investorlar va texnologik kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildilar. Gonkongning xalqaro moliyaviy markaz sifatidagi imkoniyatlari hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bozoriga chiqishdagi strategik o‘rni o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, startaplar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirib, mazkur tashrif O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.









