O‘zbekiston va Rossiya raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
2026-06-06 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Rossiya Federatsiyasining raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Maksut Shadaev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, raqamli infratuzilma va ekotizimlarni rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish, data-markazlar faoliyatini tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Muloqot davomida elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, IT sohasida malakali kadrlar tayyorlash va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, transchegaraviy axborot almashinuvi, elektron raqamli imzo va davlatlararo elektron hujjat aylanishi tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish davlatlar o‘rtasidagi raqamli integratsiyani chuqurlashtirish va biznes hamda fuqarolar uchun xizmatlarni yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU) Kengashiga hamda ITU Radioreglament qo‘mitasiga ilgari surilgan nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Мazkur uchrashuv O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida ikki tomonlama yo‘l xaritasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.

