O‘zbekiston talabalari Huawei ICT Competition global finalida g‘oliblar qatoridan joy oldi
2026-06-08 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalar jamoasi tanlovning Network Track (tarmoq texnologiyalari) yo‘nalishida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Turin politexnika universiteti talabalaridan tashkil topgan jamoa Cloud Track (bulutli hisoblash) yo‘nalishida 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Huawei ICT Competition’ning joriy mavsumi musobaqa tarixidagi eng yirik tanlov bo‘ldi. Unda dunyoning 100 mamlakat va mintaqasidagi 2000 dan ortiq oliy ta’lim muassasalaridan 220 mingdan ziyod talaba va o‘qituvchilar ishtirok etdi. Avvalroq O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi talabalari va o‘qituvchilari global finalda ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 49 mamlakat va mintaqadan 177 ta jamoa global final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Global final doirasida ishtirokchilar tarmoq texnologiyalari, bulutli yechimlar, hisoblash texnologiyalari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Ta’kidlash joizki, Huawei ICT Competition dunyodagi eng yirik xalqaro AKT ta’lim tashabbuslaridan biri bo‘lib, yoshlarning zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston jamoalarining ushbu natijalari mamlakatimiz yoshlarining AKT va raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalari xalqaro miqyosda ham yuqori baholanayotganini yana bir bor tasdiqladi.









