“Ikkinchi imkon” loyihasiga start berildi, bu yoshlarning kelajakda yuqori daromadli ish bilan ta’minlanishiga zamin bo‘ladi
2026-06-11 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va hayotda munosib o‘rin egallashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Mazkur muloqot davomida jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan yoshlarni ozodlikka chiqqanidan keyin jamiyatga tez va samarali moslashtirish maqsadida “Ikkinchi imkon” loyihasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan. Loyiha doirasida yoshlar 8–12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitilishi, shu orqali ularning daromadli ishga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 117-sonli qarorining ijrosi doirasida yoʻlga qoʻyilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi chin maʼnoda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Shu maqsadda bugun, 11-iyun kuni Zangiota tumanida joylashgan 24-son tarbiya koloniyasida “Ikkinchi imkon” loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha yurtimizda har bir o‘g‘il-qiz taqdiri davlat e’tiborida ekani, inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasi ekanini ta’kidladilar.
“Ikkinchi imkon” loyihasining dastlabki bosqichida jazoni oʻtayotgan yoshlarning qiziqishlari va isteʼdodi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kasbiy taʼlim agentligi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda sohaning boshqa mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladigan ishchi guruhning oʻrganishlari natijasida aniqlab olindi.
Oʻquv kurslarini tashkil etish uchun ayni vaqtda Toshkent, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridagi jami 10 ta jazoni ijro etish muassasalarida sanitariya-qoidalari va gigiyena normativlari hamda oʻquv standartlarga mos 20 ta oʻquv xonasi ajratilib, kompyuter va zaruriy oʻquv qurollari bilan jihozlandi. Mutaxassislar bilan hamkorlikda dastlabki test sinovlari qabul qilinib, dars mashgʻulotlari boshlandi.
Masʼullarga mashgʻulotlarning intensivligini oshirish, zamonaviy kasblar bilan birga maishiy xizmat koʻrsatish sohalarini oʻrgatish boʻyicha mutaxassislarni jalb etish, yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, yoʻnalishlarni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Unicon-Soft MChJ tomonidan beg‘araz ko‘mak asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ishtirokchilari intensiv ta’lim dasturlari orqali dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanib, ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganlar respublika miqyosida tan olinadigan malakaviy sertifikatlar bilan taqdirlanadilar.
“Ikkinchi imkon” loyihasi yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, hayotda munosib o‘rin topishi hamda jamiyatga faol integratsiyalashuviga xizmat qiladigan muhim tashabbus sifatida ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, mazkur loyiha hayotda adashgan, ammo o‘z kelajagini qayta qurishga intilayotgan yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.






