"GAP" xotin-qizlar IT klubi yangi gʻoyalar va tajribalar maydoniga aylanmoqda
2026-06-15 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Poytaxtimizda axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi hamda ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun moʻljallangan, “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va AT sohasidagi imkoniyatlar”mavzusidagi keng koʻlamli tadbir muvaffaqiyatli 150 dan ortiq ishtirokchilarni qamrab oldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga xalqaro taʼlim grantlari, nufuzli stipendiyalar hamda "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofotiga ariza topshirish jarayonlarining amaliy jihatlari va gʻoliblik formulalari atroflicha tushuntirildi, shuningdek,“Sabriya” loyihasi taqdimoti ham oʻtkazildi.
Mazkur tashabbus mamlakatimizda AT sohasida xotin-qizlarning ulushini oshirish, ularning raqamli koʻnikmalarini rivojlantirish va texnologik startaplar va ilmiy izlanishlardagi ulushini oshirish hamda xalqaro miqyosda Oʻzbekiston AT-salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida soha ekspertlari, davlat tashkilotlari vakillari va xorijiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻzaro tajriba almashib, xotin-qizlarni professional oʻsishga undadilar.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida raqamlashtirish sohasida xotin-qizlarning ulushi sezilarli darajada oshib bormoqda.
Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova bugungi kunda xotin-qizlarning AT sohasidagi roli nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy barqarorlikning ham muhim omiliga aylanib borayotganini taʼkidladi.
"Bizning asosiy maqsadimiz – oʻzbekistonlik xotin-qizlarning zamonaviy texnologiyalar olamida oʻz oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashish va ularga global taʼlim resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini taqdim etishdir. Bugungi seminar qizlarimizning xalqaro grantlar va davlat mukofotlariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi", – dedi K. Sobirova.
Shundan soʻng Inklyuziv loyihalarni va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Jahongir Akbarov xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi "Sabriya" loyihasining taqdimotini oʻtkazib, uning maqsad va vazifalariga toʻxtalib oʻtdi.
Seminarning ikkinchi qismi toʻliq xalqaro va respublika miqyosidagi imkoniyatlar tahliliga bagʻishlandi. "El-yurt umidi" jamgʻarmasi vakillari xorijiy taʼlim grantlarining eng soʻnggi talablari bilan oʻrtoqlashgan boʻlsalar, jamgʻarma stipendiyasi sohibasi, Buyuk Britaniyaning nufuzli Riding universitet bitiruvchisi Janonaxon Berdieva xorijda oʻqish, hujjat topshirish va shaxsiy rivojlanish yoʻli haqida maʼruza qildi.
Shuningdek, xotin-qizlar hayotida alohida oʻrin tutuvchi "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofotiga ariza topshirish tartibi Xotin-qizlar qoʻmitasi vakili tomonidan tushuntirildi. Mazkur yoʻnalishning eng qiziqarli qismi sifatida, "Zulfiya" mukofotining 2026 yilgi eng yosh sovrindorlaridan biri, "Yangi Oʻzbekiston" universiteti talabasi Sevinch Mavlonova axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻyicha hujjat topshirishda nimalarga eʼtibor berish lozimligi va oʻzining muvaffaqiyat formulasi bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun interaktiv sessiya tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan maxsus esdalik sovrinalari bilan taqdirlandilar.
Taʼkidlash joizki, "GAP" ayollar IT klubi faoliyati nafaqat Toshkent shahrida, balki respublika hududlarida ham faol yoʻlga qoʻyilgan. Klub doirasida viloyatlarda muntazam uchrashuv va tadbirlar tashkil etilib, har bir hududdan tashabbuskor va faol xotin-qizlar lider sifatida shakllantirib borilmoqda. Bu orqali hududlardagi xotin-qizlarning raqamli texnologiyalar sohasiga qiziqishini oshirish, ularning kasbiy va liderlik salohiyatini rivojlantirish hamda oʻzaro tajriba almashish uchun samarali muhit yaratilmoqda. Natijada, klubning hududiy tarmogʻi kengayib, mamlakat boʻylab faol qizlar hamjamiyati shakllanib bormoqda.









