Meta bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2026-06-16 21:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (APAC) bo‘yicha davlat siyosati, strategiya va kampaniyalar yo‘nalishi direktori Bet Enn Lim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar yoshlarni zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga o‘qitish, ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda raqamli sohada yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston tomoni mamlakatda startap ekotizimi jadal rivojlanayotgani, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. Meta vakillari O‘zbekiston startap ekotizimining o‘sish sur’atlarini ijobiy baholab, innovatsiyalarni rivojlantirish, mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Meta’ning sun’iy intellekt asosidagi biznes yechimlari — Advantage+ va Meta Business Agent kabi vositalarni CoobX kompaniyasining sertifikatlangan mahalliy hamkorlari tomonidan amaliy o‘quv dasturlari bilan uyg‘unlashtiruvchi Kichik biznesni rivojlantirish akademiyasi (Small Business Growth Academy) dasturining ishga tushirilishiga alohida e’tibor qaratildi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan mazkur dastur startaplar, yoshlar hamda kichik va o‘rta biznes vakillarini raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Tomonlar bunday tashabbuslar yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mamlakat raqamli iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shuningdek, uchrashuvda IT Park rezidentlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan soliq imtiyozlari va Incentives dasturi doirasida taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Ularning xalqaro texnologik kompaniyalar va startaplarni O‘zbekistonga jalb qilishdagi ahamiyati qayd etildi.
Muzokaralar davomida kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, raqamli platformalar xavfsizligini mustahkamlash hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, tadbirkorlikni rivojlantirish, raqamli ko‘nikmalar va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.





