“Yoshlar kuni” doirasida TATUda talaba-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi
2026-07-02 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirlik va idoralar hamda hududlarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning tashabbus va takliflarini bevosita eshitish hamda dolzarb masalalariga amaliy yechim topishning samarali mexanizmini shakllantirmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida bugun, 2-iyul kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ochiq muloqot davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslarini bildirdi. Xususan, AT sohasida malaka oshirish, xalqaro sertifikatlar olish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, amaliyot va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ta’lim hamda raqamli ekotizimni rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Vazir yoshlarning har bir taklifini diqqat bilan tinglab, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. Shuningdek, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning fikr va tashabbuslarini davlat siyosati hamda sohani rivojlantirish jarayoniga keng jalb etish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.






