Latviya elchisi bilan raqamli texnologiyalar, pochta aloqasi va elektron tijorat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilindi
2026-07-10 21:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Uchrashuvda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish, bulutli texnologiyalar, AT sohasidagi hamkorlik hamda mutaxassislar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha mavjud hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, amaliy loyihalar sonini ko‘paytirish, davlat idoralari, texnologik kompaniyalar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidladilar.
Latviya tomoni O‘zbekiston delegatsiyasini joriy yil 21-22-oktabr oyida Latviyada o‘tkaziladigan Techritory xalqaro forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar startaplar ekotizimini rivojlantirish, venchur investitsiyalarni jalb qilish, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashdilar. O‘zbekistonda joriy etilayotgan startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan dasturlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan faoliyati, AT autsorsing xizmatlari eksportini kengaytirish, Yevropa kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, mamlakat hududlarida tashkil etilayotgan IT Park filiallari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar yuzasidan ham muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, pochta aloqasi xizmatlari va elektron tijorat sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ikki mamlakat pochta operatorlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro pochta almashinuvini kengaytirish, elektron tijorat yuklarini tashish bo‘yicha zamonaviy logistika yechimlarini joriy etish hamda O‘zbekiston va Latviya orqali Markaziy Osiyo hamda Yevropa o‘rtasida elektron tijorat yuklarini tashish yo‘laklarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar, startaplar ekotizimi, pochta aloqasi, elektron tijorat va logistika sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
