TASS Vision Gruziyada yangi mintaqaviy ofisini ochdi
2026-07-13 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Kompaniyaning Gruziya bozoriga kirishi 900 ming AQSH dollari miqdoridagi 5 yillik shartnoma bilan mustahkamlandi. Mazkur hamkorlik doirasida TASS Vision yechimlari mamlakatning yirik chakana savdo tarmoqlarida joriy etilmoqda. Bugungi kunda kompaniya texnologiyalari Aversi (150 dan ortiq filial), MAVA (10 dan ortiq), Alta (16) va ICI Paris (24 dan ortiq) tarmoqlarida qo‘llanilib, 200 dan ortiq AI-kamera orqali mijozlar xatti-harakatlarini tahlil qilish, do‘konlar samaradorligini oshirish va real vaqt rejimida ma'lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini bermoqda.
Gruziya TASS Vision muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan xalqaro bozorlar qatoriga qo‘shildi. Bugungi kunda kompaniya yechimlari 10 ta mamlakatdagi 3 000 dan ortiq do‘konlarda joriy etilgan bo‘lib, elektronika, fashion, FMCG va farmatsevtika sohalaridagi yuzlab brendlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Startapning xalqaro o‘sishi investorlarning yuqori ishonchi bilan ham tasdiqlanadi. TASS Vision xalqaro investorlar sindikatidan 1,5 million yevro investitsiya jalb qilgan. Raund doirasida Chexiyaning Purple Ventures venchur fondi 500 ming yevro investitsiya kiritdi. Bu Markaziy Yevropadagi venchur fondining O‘zbekiston startapiga yo‘naltirgan ilk investitsiyasi bo‘ldi. Shuningdek, raundda DOMiNO Ventures, Pragma Tech VC, Sabah Fund, Caucasus VC, Big Sky Capital, UzVC hamda bir qator xalqaro angel investorlar ishtirok etdi.
TASS Vision investorlari qatoridan IT Park Ventures ham o‘rin olgan bo‘lib, jamg‘arma Prezidentning Digital Startups dasturi doirasidagi 1+1 co-investment mexanizmi orqali startapga 100 ming AQSH dollari investitsiya kiritgan. Bugungi kunda kompaniya yangi bozorlarga chiqishni davom ettirib, O‘zbekistonda yaratilayotgan texnologik startaplarning global salohiyatini namoyon etmoqda.
